O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi

Hurmatli Mijozlar,

O‘zbekistonda 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Uning natijalari iqtisodiy va ijtimoiy sohalar, hududlar rivojlanishi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rejalashtirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Ushbu ma’lumotlar asosida hukumat qaysi hududlarda maktab va shifoxonalar qurish, infratuzilmani qanday rivojlantirish, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

Ro‘yxatga olish jarayonida aholining yoshi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, ish bilan bandligi, daromad manbalari va migratsiya jarayonlari haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Shu bilan birga qishloq xo‘jaligi, jumladan yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik haqidagi ma’lumotlar aniqlanadi. Ushbu ma’lumotlar mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini aniqlashga xizmat qiladi.

Mazkur tadbirda 2026-yilning 15-yanvaridan 31-yanvarigacha census.stat.uz sayti orqali onlayn yoki 4-fevraldan 28-fevralgacha uyma-uy ro‘yxatga olish ishlari amalga oshirilish vaqtida ishtirok etish mumkin.

“KDB Bank O‘zbekiston” AJ mamlakatimiz kelajagi shu kabi muhim qadamlar orqali barpo etilishiga ishongan holda barcha O‘zbekistonliklarni ushbu tadbirdan chetda qolmaslikka va ro‘yxatga olish jarayonida faol ishtirok etishga chorlaydi.